Cyber4CA treningi ishtirokchilari Madrid politexnika universiteti infratuzilmasi va Muhammad al-Xorazmiy ilmiy merosi bilan tanishdilar

Cyber4CA loyihasi doirasida Madrid shahrida tashkil etilgan professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro treningning birinchi kuni doirasida ishtirokchilar Madrid politexnika universiteti — Universidad Politécnica de Madrid hamda uning Telekommunikatsiya muhandislari oliy texnika maktabiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida loyiha ishtirokchilari universitetning akademik muhiti, ta’lim infratuzilmasi, zamonaviy laboratoriyalari va kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Universitet vakillari tomonidan kiberxavfsizlik ta’limini tashkil etish, nazariy bilimlarni amaliy laboratoriya mashg‘ulotlari bilan uyg‘unlashtirish, virtual muhitlar va zamonaviy texnologik vositalardan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Mazkur tashrif ishtirokchilarga kiberxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlashda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar o‘rtasidagi integratsiyani kuzatish hamda ushbu tajribalarni hamkor universitetlarning o‘quv jarayonlariga moslashtirish imkonini berdi. Shuningdek, loyiha hamkorlari o‘rtasida amaliy ta’limni rivojlantirish, CyberLab laboratoriyalarini tashkil etish va akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrifning alohida ahamiyatga ega qismi buyuk qomusiy olim Muhammad al-Xorazmiy xotirasiga bag‘ishlangan haykalni ziyorat qilish bo‘ldi. Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy jahon ilm-fani tarixida matematika, astronomiya, geografiya va hisoblash usullarining rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma sifatida e’tirof etiladi.

Al-Xorazmiyning algebra sohasidagi ilmiy ishlari ushbu fanning mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida shakllanishiga muhim asos yaratgan. Uning tenglamalarni tizimli ravishda yechishga bag‘ishlangan asarlari Sharq va G‘arb ilmiy maktablarining keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. “Algebra” atamasi ham olimning mashhur asaridagi “al-jabr” tushunchasi bilan bog‘liqdir.

Shuningdek, bugungi kunda axborot texnologiyalari, dasturlash, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida keng qo‘llaniladigan “algoritm” tushunchasi Al-Xorazmiy nomining lotinlashtirilgan shakli bilan bevosita bog‘liq. Algoritmlar zamonaviy raqamli tizimlarning asosini tashkil etib, ma’lumotlarni qayta ishlash, dasturiy ta’minotni yaratish, xavfsizlik mexanizmlarini ishlab chiqish va kiberhujumlarni aniqlash jarayonlarida muhim o‘rin egallaydi.

Shu jihatdan, Muhammad al-Xorazmiy haykaliga tashrif Cyber4CA treningining ilmiy va ramziy mazmunini yanada boyitdi. Buyuk allomaning ilmiy merosi zamonaviy kiberxavfsizlik, kompyuter fanlari va raqamli texnologiyalarning tarixiy ildizlarini namoyon etadi. Uning ilmiy tafakkuri, aniq hisoblash usullari va tizimli yondashuvi bugungi kundagi innovatsion texnologiyalarning rivojlanishida ham o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.

Mazkur akademik va madaniy-ma’rifiy tashrif tarixiy ilmiy meros bilan zamonaviy texnologik ta’lim o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor namoyon etdi. U ishtirokchilar uchun nafaqat universitet infratuzilmasini o‘rganish, balki Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk olimning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini chuqurroq anglash imkonini ham yaratdi.

Comments

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan