2026-yil 15-iyun kuni Ispaniyaning Madrid shahrida Erasmus+ dasturining Cyber4CA loyihasi doirasida professor-o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan besh kunlik xalqaro trening o‘z faoliyatini boshladi. Tadbir 15–19-iyun kunlari Madrid politexnika universitetida o‘tkaziladi.
Xalqaro treningda loyiha hamkorlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, davlat tashkilotlari mutaxassislari hamda kiberxavfsizlik sohasi ekspertlari ishtirok etmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy kiberxavfsizlik ta’limini rivojlantirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni almashish va amaliy yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini takomillashtirishdan iborat.

Treningning birinchi kuni rasmiy ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda Cyber4CA loyihasining maqsad va vazifalari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Dastur doirasida Madrid politexnika universitetining kiberxavfsizlik bo‘yicha magistratura dasturi, ta’lim metodologiyasi, o‘quv infratuzilmasi va amaliy laboratoriya imkoniyatlari taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar universitetning o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi zamonaviy laboratoriyalar hamda texnik resurslar bilan tanishdilar.

Trening davomida IoT va bulutli texnologiyalar xavfsizligi, fishing tahdidlarini aniqlash, kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, kriptografiya, amaliy laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish va CyberLab infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va ekspert muhokamalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur xalqaro trening loyiha hamkorlari o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda kiberxavfsizlik ta’limini zamonaviy raqamli mehnat bozori talablariga mos ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Fikr bildirish