Ispaniyaning Madrid shahridagi Madrid politexnika universitetida o‘tkazilayotgan Cyber4CA loyihasi doirasidagi professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro treningning navbatdagi bosqichi konsorsium yig‘ilishi hamda loyihaning asosiy ish paketlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda loyiha hamkorlari tomonidan boshqaruv va muvofiqlashtirish ishlari, moliyaviy jarayonlar, kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi ta’lim dasturlarini tahlil qilish va rivojlantirish, kompetensiyalar hamda ta’lim natijalarini belgilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida Markaziy Osiyodagi hamkor oliy ta’lim muassasalarida mavjud kiberxavfsizlik ta’lim dasturlarining holati, ularni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va loyiha doirasida ishlab chiqilayotgan yangi o‘quv kurslari bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ta’lim dasturlarining mazmunini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish, aniq kompetensiyalar va o‘quv natijalarini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Konsorsium yig‘ilishining muhim yo‘nalishlaridan biri CyberLab laboratoriyalari va kiberxavfsizlik markazlarini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatlarni muhokama qilish bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda laboratoriyalar uchun zarur texnik jihozlarni xarid qilish, o‘rnatish, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va tegishli infratuzilmani bosqichma-bosqich rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida sifatni ta’minlash va monitoring mexanizmlari, ichki va tashqi baholash jarayonlari hamda natijalarni muntazam nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Loyiha faoliyatlarini keng jamoatchilikka yetkazish, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, axborot materiallarini tayyorlash, shuningdek, loyiha natijalaridan samarali foydalanish va ularni ommalashtirish masalalari ham muhokama etildi.
Amaliy ishchi sessiya davomida hamkor tashkilotlar vakillari o‘z oliy ta’lim muassasalariga qaytgach, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun tashkil etiladigan amaliy treninglarning dastlabki rejalarini ishlab chiqdilar. Ushbu rejalar seminar davomida olingan bilim va tajribalarni mahalliy darajada keng tarqatish, kiberxavfsizlik bo‘yicha amaliy ta’limni rivojlantirish va loyiha natijalarining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Mazkur konsorsium yig‘ilishi loyiha hamkorlari o‘rtasidagi vazifalarni muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. U Cyber4CA loyihasining asosiy maqsadlariga erishish, kiberxavfsizlik ta’limini takomillashtirish va Markaziy Osiyodagi hamkor universitetlarning institutsional salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Fikr bildirish