Cyber4CA xalqaro treningining navbatdagi kuni amaliy kiberxavfsizlik ta’limiga bag‘ishlandi

Ispaniyaning Madrid shahrida, Madrid politexnika universitetida o‘tkazilayotgan Cyber4CA loyihasi doirasidagi professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro treningning navbatdagi kuni kiberxavfsizlik ta’limida amaliy yondashuvlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Mazkur kun doirasidagi o‘quv sessiyalari Ruminiyaning National University of Science and Technology POLITEHNICA Bucharest universiteti mutaxassislari tomonidan olib borildi. Trening davomida oliy ta’lim muassasalarida IoT va bulutli texnologiyalar xavfsizligini o‘qitish, federativ o‘qitish usullaridan kiberxavfsizlik ta’limida foydalanish hamda anomal holatlar va kiberhujumlarni aniqlash bo‘yicha amaliy laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishtirokchilar fishing xabarlarini aniqlash va tahlil qilish, elektron pochta xabarlarining texnik sarlavhalarini o‘rganish, kiberhodisalarni dastlabki baholash, saralash va ularga tezkor javob qaytarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

Sessiyalar davomida kiberxavfsizlik bo‘yicha zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ularni amaliy mashg‘ulotlar bilan boyitish hamda ta’lim jarayonini raqamli mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Trening ishtirokchilarga olingan bilim va amaliy tajribalarni o‘z oliy ta’lim muassasalarida qo‘llash, laboratoriya mashg‘ulotlarini takomillashtirish va zamonaviy o‘qitish metodlarini joriy etish imkoniyatlarini baholashga xizmat qildi.

Kun yakunida interaktiv muhokama va savol-javob sessiyasi tashkil etilib, ishtirokchilar kiberxavfsizlik ta’limini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdilar.

Mazkur trening Yevropa va Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, amaliy bilimlarni kengaytirish va kiberxavfsizlik ta’limi sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Comments

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan