Cyber4CA xalqaro treningining uchinchi kuni amaliy CyberLab infratuzilmasini rivojlantirishga bag‘ishlandi

Ispaniyaning Madrid shahridagi Madrid politexnika universitetida o‘tkazilayotgan Cyber4CA loyihasi doirasidagi professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro treningning uchinchi kuni kiberxavfsizlik bo‘yicha amaliy laboratoriyalarni rivojlantirish, fanlararo ta’limni takomillashtirish hamda oliy ta’lim muassasalarida CyberLab infratuzilmasini tashkil etish masalalariga bag‘ishlandi.

Kun davomida o‘quv mashg‘ulotlari Italiyaning Scuola Superiore Sant’Anna universiteti mutaxassislari tomonidan olib borildi. Dastlab zamonaviy intellektual tizimlar uchun kiberxavfsizlik ta’limini rivojlantirish, ushbu jarayonda fanlararo ilmiy tadqiqotlarning o‘rni hamda Pisa innovatsion ekotizimi tajribasi haqida ma’lumot berildi.

Treningning amaliy qismida ishtirokchilar kiberxavfsizlik laboratoriya mashg‘ulotlarini ishlab chiqish, ularni ishga tushirish va ta’lim jarayoniga tatbiq etish bosqichlari bilan tanishdilar. Mashg‘ulotlar ishtirokchilarga taqdim etilgan tajribalarni o‘z oliy ta’lim muassasalarida qayta qo‘llash va mavjud o‘quv dasturlariga moslashtirish imkonini beradigan tarzda tashkil etildi.

Shuningdek, kiberxavfsizlik va kriptografiyaning asosiy tamoyillari, laboratoriya tajribalarini tashkil etish hamda nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Laboratoriya tajribalari bevosita mashg‘ulot davomida amalga oshirilib, ishtirokchilar ularni mustaqil ravishda bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Kunning muhim yo‘nalishlaridan biri magistratura darajasidagi kiberxavfsizlik ta’lim dasturlari uchun dastlabki CyberLab modelini ishlab chiqish bo‘ldi. Interaktiv mashg‘ulot davomida ishtirokchilar laboratoriyaning maqsadlari, texnik infratuzilmasi, ustuvor yo‘nalishlari, ta’lim jarayonidagi vazifalari va uni bosqichma-bosqich rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan CyberLab modellari taqdim etilib, ularni amalga oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar, mavjud cheklovlar, texnik talablar va ehtimoliy xavflar yuzasidan fikr almashildi. Mazkur faoliyat loyiha hamkorlariga o‘z universitetlarining imkoniyatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, amaliy kiberxavfsizlik laboratoriyalarini shakllantirish bo‘yicha dastlabki konsepsiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi.

Kun yakunida o‘tkazilgan muhokama va savol-javob sessiyasida kiberxavfsizlik bo‘yicha amaliy ta’limni rivojlantirish, laboratoriya mashg‘ulotlarini magistratura dasturlariga integratsiya qilish va olingan tajribalarni hamkor oliy ta’lim muassasalarida joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur trening Cyber4CA loyihasi doirasida zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro tajribaga asoslangan kiberxavfsizlik ta’limini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo universitetlarida CyberLab laboratoriyalarini tashkil etish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Comments

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan